Oliy sud Plenumining yangi Konstitutsiyani sudlar tomonidan faol qo‘llashga oid muhim qarori qabul qilindi. Bu haqda 23-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Oliy sud Plenumi yig‘ilishida maʼlum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: Oliy sud axborot xizmati

Joriy yilning 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Shunga muvofiq sud amaliyotida Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha zarur asoslarni yaratish maqsadida yagona sud amaliyoti to‘g‘risidagi Oliy sud Plenumi qarorini qabul qilish belgilangan.

Yig‘ilishda Plenumning “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda:

Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi haqidagi qoida uning normalari barcha qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustun turishi;

Sudlar ko‘rib chiqilayotgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ hujjatning mazmunini baholashi.

Zarur hollarda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ-huquqiy asos sifatida qo‘llashi lozimligi yuzasidan muhim tushuntirishlar berilgan.

Konstitutsiya normalari sud hujjatlarida huquqiy asos sifatida birinchi navbatda, qoida tariqasida Konstitutsiyaning tegishli normalariga va undan keyin yuridik kuchiga qarab boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga asoslaniladi.

Basharti sohaviy qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya normalariga zid bo‘lganligi aniqlansa, faqatgina Konstitutsiya normalariga asoslanilishi lozimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Plenumning “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”, “Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida” va “Intellektual mulkka oid ishlarni ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan